Ijtimoiy tarmoqlarda, turli xil saytlarda jurnalist va blogerlar tomonidan Zoir Mirzaev faoliyati tez-tez yoritib boriladi.
Ularning aksariyati ijobiy post va maqolalar bo‘lib, hokimning xato-kamchiliklariga urg‘u berilmaydi.
Xo‘sh, Toshkent viloyat hokimligi Zoir Mirzaevni tanitish, PR qilishga qancha mablag‘ sarflaydi?
Uzdiplomat.uz mazkur savolga Toshkent viloyati hokimi matbuot kotibi Behzod Qobulovdan javob oldi.
Uning ma’lum qilishicha, hokim PR uchun bir tiyin sarflamaydi.
“Biz reklamaga bir tiyin ham sarflamaymiz. Toshkent viloyati markaziy viloyat. Bu erda bo‘layotgan har qanday voqea jamoatchilik uchun qiziq. Shuning uchun ham odamlarda axborotga extiyoj bor va materiallarimiz ko‘proq tarqalyapti.
Masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Rahbarlarning qadami istasak- istamasak omma uchun qiziq”, -dedi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov .
U o‘zi ham qachonlardir jurnalist bo‘lgani va jurnalistlar orasida tanishlari borligi eslatib qo‘ydi.
“Zoir Toirovichning ham o‘z ish uslubi bor. Shuni biz ham baholiqudrat o‘zimizning kanallarimizga uning faoliyatini qo‘yib bormoqdamiz. Shu bilan birga jurnalist bo‘lganman baribir bu sohada o‘rtoqlarim, tanishlarim bor. Tavsiya qilib ko‘rish kerak. Yaxshi kontent bo‘lsa, berishadi. “Yo‘q, bu bizga to‘g‘ri kelmaydi”, desa boshqa joyga tavsiya qilamiz. Lekin ko‘pincha jonli efirlar rahbarning tashabbuslari bilan o‘tkaziladi. Uni odamlar yaxshi qabul qiladi”,-dedi Qabulov.
Shuningdek Qobulov, PR uchun degan gapdan g‘ashi kelishini, qilayotgan ishlari xo‘jako‘rsin uchun emasligi, ayniqsa Zoir Mirzaev o‘z missiyasini a’lo darajada bajarib kelayotganini alohida ta’kidladi.
“PR uchun degan gap g‘ashimni keltiradi. Qaniydi PR’ni eplay olganimda. Bu haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Raqamlar bilan tahlil qilib ko‘rish mumkin, dinamika bor yoki boshqa ko‘rsatkichlarni olishimiz mumkin. Hokim o‘z missiyasini a’lo darajada bajarayapti”,-dedi u.